O‘zbekistonda BYD avtomobillari arzonlashishi mumkin

Prezident O‘zbekistonda BYD avtomobillarini ishlab chiqarish tannarxini butlovchi qismlarni mahalliylashtirish orqali pasaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

5-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev «O‘zavtosanoat» raisi Ulug‘bek Rozuqulovning O‘zbekistonda avtomobilsozlik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar bo‘yicha taqdimotini tingladi.

Prezident avtomobillarga bo‘lgan talab ortayotganini ta’kidlab, mahsulot sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratish lozimligini qayd etdi.

Prezident tomonidan belgilangan asosiy vazifalardan biri — BYD elektromobillarining tannarxini 60 ta butlovchi qismni mahalliylashtirish orqali pasaytirishdir. Shuningdek, 2025-yilga qadar hududiy korxonalar bilan hamkorlikda ehtiyot qismlar ishlab chiqarish hajmini ikki baravarga oshirish rejalashtirilgan. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi kutilayotgan bir sharoitda, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun bozordagi raqobat kuchayadi. Shu sababdan, sifatni yaxshilash va mahalliylashtirish darajasini oshirish muhimligi yana bir bor ta’kidlandi.

Mahsulot tannarxining pasayishi odatda iste’molchilar uchun narxlarning tushishiga yoki korxona foydasining oshishiga olib keladi. Yuzlab milliard so‘mlik bojxona imtiyozlaridan foydalanuvchi BYD Factory Uzbekistan qaysi yo‘lni tanlashi 2025-yilga kelib ma’lum bo‘ladi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, inflyatsiya va dollar kursining o‘sishiga qaramay, 2023-yilda rasmiy sotuvlar boshlangandan buyon BYD avtomobillarining narxlari avtosalonlarda bir marta ham oshirilmagan.

Exit mobile version