Eng Qulay Avtokreditlar
2022 yil iyul oyida O‘zbekiston birlamchi bozoridagi eng qulay avtokreditlar reytingi
“Iqtisodiy sharh” jurnali tahririyati tomonidan 2022 yil iyul holatiga ko‘ra O‘zbekistondagi tijorat banklarda jismoniy shaxslarga birlamchi bozordan avtotransport vositalarini xaridi uchun qulay avtokreditlar reytingi aniqlandi.
Mazkur reytingni tuzishda kredit shartlari – boshlang‘ich to‘lovi, foiz stavkasi, imtiyozli davri, kredit muddati va miqdori kabi omillar inobatga olingan.
Markaziy bankning 2022 yil 1 chorakdagi mavjud statistik ma’lumotlariga ko‘ra, jami banklar tomonidan avtokredit uchun 1 382,8 mlrd. so‘m ajratilgan.
Hozirda 33 ta tijorat bankidan faqat 22 tasi birlamchi bozordan avtotransport vositalarini xaridi uchun kreditlar taklif qilmoqda.
Reyting natijalariga ko‘ra, jismoniy shaxslarga taklif etiladigan qulay avtokreditlar bo‘yicha reytingda “Ipak yo‘li bank” 1 va 2 o‘rinlarni egaladi. Ushbu bank yillik foiz stavkasi mos ravishda 21,9 — 22,99%, boshlang‘ich to‘lov 25%, 4 yil muddatga, hamda kredit miqdori 450 mln. so‘mgacha bo‘lgan shartlarda kredit taklif etmoqda.
Umumiy reytingda “Oriyent Finans bank” 3-o‘rinni egalladi. Ushbu bankda avtokredit olish shartlari, ya’ni boshlang‘ich to‘lov – 25%, foiz stavkasi – 24%, kredit miqdori – 450 mln. so‘mgacha, hamda kredit muddati – 48 oy.
- Самые выгодные автокредиты — рейтинг автокредитов в банках Узбекистана по версии Экономического обозрения
*Hisob-kitoblar Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi metodologiyasi bo‘yicha amalga oshirilgan
Reytingda “Turon bank” 35-o‘rinda joylashganiga sabab ushbu bank mijozlarga quyidagi shartlar asosida avtokretilar taklif qilmoqda: yillik foiz stavka – 28%, boshlang‘ich to‘lovi – 30%, kredit muddati – 36 oy va kreditning maksimal qiymati – 500 mln. so‘mgacha.
Natijalarga ko‘ra, umumiy reytingda 36-o‘rinda joylashgan “Ravnaq bank” avtokreditlar ajratish uchun quyidagi shartlarni belgilagan, boshlang‘ich to‘lovi – 30%, yillik foiz stavkasi – 28%, 36 oy muddatga va kredit qiymati 500 mln. so‘mgacha.
Hozirgi kunda birlamchi bozordan avtotransport vositalari xaridi uchun “TBC Bank”, “O‘zagroeksportbank”, “Anorbank”, “Universal bank”, “Poytaxt bank”, “Xay-Tek Bank”, “O‘zKDB Bank”, “Madad Invest Bank”, “Ipoteka bank”, “Turkiston bank” banklar tomonidan kreditlar taklif etilmayapti. Xususan, yuqorida ko‘rsatilgan banklarning ba’zilari avtokreditlarini vaqtincha to‘xtatib qo‘ygan.
Reytingda 37-o‘rinni egallagan “Xalq bank” avtokredit olish uchun bankga murojat qilgan mijozlarga qo‘yidagi shartlarda: boshlang‘ich to‘lovi – 30%, yillik foiz stavkasi – 27%, kreditni qoplash uchun ajratiladigan muddat – 30 oy va shu bilan birga kredit uchun beriladigan qiymat 300 mln. so‘mgacha kreditlar ajratmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, jismoniy shaxslarga birlamchi bozordan avtotransport vositalarini xarid qilish uchun avtokreditlar bo‘yicha eng past stavkani «Ipak yo‘li bank» (21,9%), «Asaka bank» (23%), «Eron Saderat bank» (23%) taqdim etayotgan bo‘lsa, eng yuqori stavka «Davr bank» (29,99%) va «Ravnaq bank» (29%) tomonidan taklif etilmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining fevral oyidagi tahliliga nisbatan banklar tomonidan ajratilayotgan avtokreditlar foiz stavkasi +11%gacha ko‘tarilgani aniqlandi.
Ma’lumotlar tijorat banklarining veb-saytlaridan olingan bo‘lib kredit shartlari o‘zgarishi mumkin. Batafsil ma’lumot uchun bankning veb-saytiga tashrif buyurishingiz mumkin.