1-maydan boshlab O‘zbekistonda YHQ buzilishi uchun jarima ballari tizimi ishga tushadi, deb kutishga hojat yo‘q. Gazeta.uz aniqlashicha, hukumat qarori loyihasi hali ishlab chiqilmoqda — tizim barcha hujjatlar tasdiqlangandan keyin joriy qilinadi.
GAI matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshevning aniqlik kiritishicha, ballarni hisoblash tartibini belgilovchi hujjat hali imzolanmagan.
Dastlabki loyihaga ko‘ra, jarima ballari quyidagi qoidabuzarliklar uchun berilishi kerak edi:
🔹 Qizil chiroqda harakat — 2 ballgacha.
🔹 Tezlikni oshirish — 0,5 dan 2 ballgacha.
🔹 Qoidaga zid ravishda quvib o‘tish — 1,5 ball.
🔹 Ruxsatsiz oynalarni qoraytirish — 1–2 ball.
🔹 Nosoz yoki davlat raqamlari olib tashlangan (yashirilgan) transport vositasini boshqarish — 2 ballgacha.
«Tegishli normativ-huquqiy hujjat qabul qilingandan so‘ng, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima ballarini hisoblash tartibi va muddatlari aniq belgilanadi», — dedi Yo‘ldoshev.
Avvalroq hukumat qarori loyihasiga tayanib, tizim 1-maydan ishga tushishi haqida xabarlar tarqalgandi. Mart oyida ommaviy muhokamaga chiqarilgan loyiha matnida har bir qoidabuzarlik uchun necha ball berilishi rejalashtirilgani ko‘rsatilgandi — tezlik oshirish, noto‘g‘ri quvib o‘tish va boshqa holatlar uchun.
Qaysi qoidabuzarliklar uchun jarima ballari belgilanadi?
Yangi 34-1-modda (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks) ga ko‘ra, jarima ballari quyidagi qoidabuzarliklar uchun belgilanadi:
№ | Qoidabuzarlik | Ma’muriy kodeks moddasi |
---|---|---|
1 | Nosoz yoki ruxsatsiz qayta jihozlangan transport vositasini boshqarish | 125-modda 3-qism |
2 | Davlat raqami bo‘lmagan yoki foydalanish taqiqlangan transport vositasidan foydalanish | 125-modda 5-qism |
3 | Ruxsatsiz qoraytirilgan yoki oynasi ko‘zguli transport vositasidan foydalanish | 126-modda |
4 | Ruxsat etilmagan ovozli va yorug‘lik uskunalarini o‘rnatish | 127-modda 1-qism |
5 | Tezlikni belgilangan me’yordan oshirish | 128-3-modda |
6 | Qizil chiroqda yoki tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida harakat | 128-4-modda 2-qism |
7 | Qarshi yo‘nalishga chiqish yoki avariya xavfini keltirib chiqarish | 128-5-modda |
8 | To‘xtash va turish qoidalarini buzish | 128-6-modda |
9 | Yo‘lovchilarni tashish qoidalarini buzish | 128-8-modda (yangi) |
10 | Quvib o‘tish qoidalarini buzish | 128-9-modda (yangi) |
11 | Yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi guruhli harakatda ishtirok etish | 129-modda |
12 | Temir yo‘l o‘tish joyidan o‘tish qoidalarini buzish | 130-modda |
13 | Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda voqea joyini tark etish | 137-modda 1-qism |
Hozircha har bir qoidabuzarlik uchun qancha ball berilishi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Bu ballar tegishli qaror qabul qilingandan keyin tasdiqlanadi.