«Sekin-sekin bojxona to‘lovlari nol bo‘lishi kerak». Shavkat Mirziyoyev — «inomarka’lar importi bo‘yicha
Prezident avtomashinalar importiga bojxona to‘lovlari bosqichma-bosqich «nol bo‘lishi» kerakligini aytdi. Shavkat Mirziyoyev xaridorlar oldindan to‘lov amalga oshirilganiga qaramay, mashina uchun bir yil kutishga majbur bo‘lishini adolatsizlik deb atadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 fevral kuni avtomobilsozlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda avtomobillar olib kirishda bojxona to‘lovlarini bosqichma-bosqich nolga tushirish zarurligini ma’lum qilgan. «O‘zbekiston 24» telekanalining «Menimcha» ko‘rsatuvida uning nutqidan parcha namoyish etildi.
«Sekin-sekin bojxona to‘lovlari nol bo‘lishi kerak. Raqobat bo‘lishi kerak, arzon va sifatli [avtomobillar bo‘lishi uchun], — dedi davlat rahbari.
Prezident oldindan to‘lovga qaramay, xaridorlar bir yil mashinani kutishga majbur bo‘layotganini adolatsizlik deb atadi.
«Oddiy shifokor, oddiy mehnatkash fuqaromiz qancha-qancha mashaqqat bilan yiqqan pulini, kechirasizu 1 yilga «avtoprom»ga aylantirish uchun berib qo‘yishi bu adolatdan emas», — dedi prezident.
Eslatib o‘tamiz, prezident dushanba kungi yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasiga 3 kun muddatda import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga — 30 foizdan 15 foizgacha pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishga topshiriq bergandi. Shuningdek, prezident yig‘ilishda UzAuto Motors avtomobillari uchun oldindan to‘lov 85 foizdan 50 foizgacha kamaytirilishini ma’lum qilgandi.