UzAuto Motors savdosi qulab tushdi

2025 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda yangi avtomobillar savdosi 12,8% ga kamaydi. Bozorning qulashiga asosiy sabab — Chevrolet brendi savdosining 19,31% ga pasaygani. Hatto Tracker va Onix uchun e’lon qilingan “foizsiz” bo‘lib to‘lash ham holatni qutqara olmadi.
Chevrolet savdosi kamaymoqda: marketing aksiyalari foyda bermayapti
O‘zavtosanoat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar–mart oylarida Chevrolet avtomobillarining savdosi 62 260 donani tashkil etdi. 2024 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 77 164 edi. Shu fonda esa:
- Kia savdosi +54,95% ga oshdi,
- BYD — +22,61%,
- Haval — +283,15% (past bazadan boshlangan o‘sish, brend yaqinda kirib keldi),
- Chery barqaror savdo ko‘rsatkichlarini saqlab qolgan.
Ko‘rinishidan, UzAuto Motors savdolarni imtiyozli avtokreditlar yoki «foizsiz» bo‘lib to‘lash shartlari bilan ham saqlab qola olmayapti. Eng ommabop model — Chevrolet Cobalt — ochiq sotuvda yo‘q, zavod esa arzon segmentdagi talabni qondira olmayapti.
Brendlar | Yanvar–mart 2024 | Yanvar–mart 2025 | O‘sish |
---|---|---|---|
Chevrolet | 77 164 | 62 260 | 🔻 –19,31% |
Kia | 3 505 | 5 431 | 🟢 +54,95% |
BYD | 3 299 | 4 045 | 🟢 +22,61% |
Chery | 1 780 | 1 782 | 🟢 +0,11% |
Haval | 368 | 1 410 | 🟢 +283,15% |
Jami (boshqa brendlar bilan) | 86 439 | 75 353 | 🔻 –12,8% |
2025 yilda eng ko‘p xarid qilingan modellari qanday?
Eng ko‘p sotilgan modellarda o‘zgarish yo‘q — yetakchilar qatorida Cobalt, Damas va Tracker.
O‘rin | Model | Sotilgan soni |
---|---|---|
1 | Chevrolet Cobalt | 29 017 |
2 | Chevrolet Damas | 15 424 |
3 | Chevrolet Tracker | 7 152 |
4 | Chevrolet Labo | 5 851 |
5 | Chevrolet Onix | 4 055 |
6 | Kia Sonet | 3 922 |
7 | BYD Song Plus DM-i Champion | 1 438 |
8 | BYD Chazor | 927 |
9 | BYD Song Pro DM-i | 802 |
10 | Chery Tiggo 7 Pro | 730 |
Raqobatchilar savdosi oshib borayotgan bir vaqtda Chevrolet o‘z ulushini yo‘qotmoqda — ishlab chiqarish quvvati va ma’muriy resurslarga ega bo‘lishiga qaramay. UzAuto Motors nafaqat norasmiy yo‘l bilan kirib kelayotgan Xitoy elektromobillariga, balki rasmiy o‘rtacha narxdagi avtomobillarga ham haqiqiy raqobatchi taklif qila olmayapti.